2019 yil 6 dekabr kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining Majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27 yilligiga bag‘ishlangan va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi hamda unga a’zo tashkilotlarning xodimlari uchun tashkil etilgan “Ma’naviyat soati” o‘tkazildi.
Ushbu tadbirni O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining raisi A.Ishanxodjaev kirish so‘zi bilan ochib, tadbir ishtirokchilarini Bosh qomusimizning 27 yillik sanasi bilan tabrikladi.
Kasaba uyushmalari tizimida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan mazkur tadbirda Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlari doktori Muxitdinova Feruza Abdurashidovna ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyati, o‘rni va ahamiyati xaqida atroflicha va sermazmun tushuntirish berdi.
Qayd etish joizki, Asosiy Qonunimizda, fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etishlari kafolatlangan, eng xalqchil va demokratik saylov tizimining xuquqiy asoslari yaratilgan. Mamlakatimizda inson xuquqlariga rioya etilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazorati yo‘lga qo‘yilgan. Jamiyat hayotida siyosiy partiyalar, nodavlat tashkilotlari va jamoat birlashmalarining jumladan kasaba uyushmalarining mavqei tabora mustahkamlanmoqda.