O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida olib borilayotgan tashqi siyosat strategiyasida nufuzli xalqaro tashkilotlar va qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalasi ustuvor ahamiyatga ega. Bu boradagi keng ko‘lamli sa’y-harakatlar natijasida bugungi kunda qator xalqaro tashkilotlar va qo‘shni davlatlar bilan yaqin hamkorlik aloqalari kuchayib bormoqda.
Joriy yilning 21-25 oktyabr kunlari Kishinyov shahrida, Aloqa xodimlari kasaba uyushmasi Xalqaro birlashmasining Majlisi o‘tkazildi. Unda aloqa va telekommunikatsiya tashkilotlarining dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Aloqa xodimlari kasaba uyushmasi Xalqaro birlashmasining taklifi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiya kengashining 2019 yilning 2 iyulidagi 912-son topshirig‘iga ko‘ra, Kishinyov shahrida bo‘lib o‘tgan Majlisda Respublika kengashi raisi Asror Ishanxodjaev ishtirok etdi.
Kishinyov shahriga Tashrif doirasida O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi va Aloqa xodimlari kasaba uyushmasi Xalqaro birlashmasi o‘rtasida xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilish, mehnat muhofazasi, madaniy va ommaviy ishlar, sog‘lomlashtirish va dam olishni tashkil qilish, tashkilotlarning tashkiliy va moliyaviy barqarorligini ta’minlash masalalarida tajriba almashildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida Respublika kengashi hamda Moldova Respublikasi aloqa xodimlari kasaba uyushmasi Federatsiyasi o‘rtasida hamkorlik va o‘zaro anglashuv bo‘yicha Memorandum imzolandi.
Endilikda yana bir imzolangan o‘zaro aloqa va hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum ikki mamlakat kasaba uyushma qo‘mitalari o‘rtasida do‘stona hamkorlik aloqalarini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib, mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy manfaatlarini himoyalashga xizmat qiladi.