Qaror va ijro

MUAMMOLAR KO‘ZGA TASHLANIB QOLDI - DEYDI O‘ZBEKISTON AXBOROT TEXNOLOGIYALARI VA OMMAVIY KOMMUNIKATSIYA XODIMLARI KASABA UYUSHMASI RESPUBLIKA KENGASHI RAISI ASROR ISHANXODJAEV

Mana, go‘zal va tarovatli yoz fasli tugab, o‘lkamizga o‘zining to‘kinligi, qut-barakasi bilan kuz ham kirib keldi. Yana maktab, kollej va oliy o‘quv yurtlari o‘quvchi va talabalar bilan to‘ldi. Xo‘sh, O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimidagi korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat yurituvchi xodimlarning farzandlarini yoz mavsumida dam oldirish va sog‘lomlashtirish ishlari qay darajada tashkil etildi. Bu borada qanday muammolar mavjud. Muxbirimiz bilan suhbatda kengash raisi Asror ISHANXODJAEV ana shular haqida gapirdi.

- Asror Aslanovich, farzandlarimiz bizning kelajagimiz, ertangi kunimiz egalari. Yurtimiz ertaga qay darajada yuksalishi ularning bugun qanchalar ham jismonan, ham ma’nan barkamol voyaga etishlariga bog‘liq, shunday emasmi?

- Albatta. Bu borada kasaba uyushmasi qo‘mitalarining o‘rni alohida bo‘lmog‘i lozim. Shuning uchun ishlab chiqarishning boshqa jabhalarida bo‘lgani  kabi axborot texnologiyalari  va kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohasi tizimidagi korxona va tashkilotlarda ham xodimlarning farzandlarini har tomonlama barkamol o‘sishlariga yordam berish asosiy vazifalardan biri  qilib belgilangan. Aloqa xodimlarining etti yoshdan o‘n uch yoshgacha bo‘lgan farzandlarini yozgi sog‘lomlashtirish bu boradagi ishlarimizning bir qismi.

- Yoz fasli tugab, o‘rnini kuzga bo‘shatib berdi -- maktablarda yangi o‘quv yili boshlandi. Aloqachilar farzandlarini bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam oldirish qay darajada tashkil etildi, belgilangan rejalar to‘liq amalga oshirildimi?

- Xuddi shu masala yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Hay’ati va Respublika kengashi Rayosatining qo‘shma yig‘ilishida ko‘rib chiqildi. Hisobotlardan o‘tgan davr mobaynida  “2019 yil yoz mavsumida soha xodimlarining farzandlarini sog‘lomlashtirish va dam olishini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi  2019 yil 20 mayda qabul qilingan qo‘shma qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan Vazirlik tizimidagi aktsiyadorlik jamiyatlari, kompaniyalar, korxona, tashkilot va muassasalar ish beruvchilari hamda boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlari hamkorlikda bir qator zarur ishlarni amalga oshirishgani ma’lum bo‘ldi.

Jumladan, O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan soha tizimida  faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarning etti yoshdan yoshdan o‘n uch yoshgacha bo‘lgan farzandlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi shakllantirilib, 2019 yil 1 aprel holatiga jami 9131 nafar bola ro‘yxatga olindi. Ularning  4566 nafarini dam oldirish va sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan edi.

2019 yil yoz mavsumida xodimlarning 2900 nafar farzandi “O‘zbektelekom” AK Buxoro, Qashqadaryo va “Toshkent shahar telefon tarmog‘i” filiallari tasarrufidagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida, 2181 nafari hududdagi boshqa sog‘lomlashtirish maskanlarida, jami 5081 nafar bolajon sog‘lomlashtirilib, belgilangan reja 111 foizga bajarildi.

- Bu ishlar uchun sarflangan mablag‘lar haqida ham ma’lumot bera olasizmi?

- Amaldagi jamoa shartnomalariga asosan ish beruvchilar va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan xodimlar farzandlarini oromgohlarda dam oldirish va sog‘lomlashtirish ishlariga ish beruvchilar mablag‘i hisobidan 2 mlrd. 791 mln. so‘m, ijtimoiy sug‘urta mablag‘idan 114 mln. so‘m, kasaba uyushmasi tashkilotlari mablag‘i hisobidan 322 mln. so‘m va qisman ota-onalar mablag‘i hisobidan

147 mln. so‘m, jami 3 mlrd. 375 mln. so‘m  mablag‘ sarflandi. Har uch  bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari 2019 yil yoz mavsumida 5 ta navbatda bolalarni qabul qildi.

- Bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida olib borilgan madaniy-ma’naviy tadbirlarga ham to‘xtalib o‘tsangiz?

- Ma’lumki, bugungi kunda yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining beshta muhim tashabbusini amalga oshirish borasida qator ishlar amalga oshirilyapti. Biz bolalarning oromgohda o‘tadigan qisqa vaqtidan ham unumli foydalanishga harakat qildik. Jumladan. tashabbusni amalga oshirish davomida tashkil etilgan “Yangi do‘stlar davrasida”, “Sog‘ tanda sog‘lom aql”, “Biz giyohvandlikka qarshimiz”, “Yoz o‘tmoqda soz” kabi mavzulardagi davra suhbatlari  qiziqarli tarzda tashkil etildi.

Shuningdek, dam oluvchi bolalarning “Olimpiya shon-shuhrati” muzeyiga bo‘lgan sayohati juda maroqli bo‘ldi hamda “O‘zbektelekom” AK “Toshkent shahar telefon tarmog‘i”, Qashqadaryo, Buxoro filiallari yosh xodimlaridan tashkil topgan guruh tomonidan 5 ta muhim tashabbusning 2- va 3- yo‘nalishlari bo‘yicha bolalarga kompyuter savodxonligi  o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi

Respublika ma’naviyat markazi tomonidan ishlab chiqilgan Yozgi oromgohlarda “Ma’naviyat va ma’rifat” xonalarini jihozlashga oid tavsiyalar, Oromgoh hududida mamlakatimizda sog‘lom va barkamol avlodni voyaga etkazish, oila, onalik va bolalik mavzularidagi shiorlar asosida tizimli ma’naviy-ma’rifiy ishlar olib borildi.

Oromgohda o‘tkazilgan tadbirlar, suhbatlar, tanlovlar, o‘yinlarning barchasi bolalarning vaqtlari mazmunli o‘tishiga hamda Vatanini sevishga, uni ardoqlashga yo‘naltirildi. Ushbu tadbirlar, shuningdek bolalarning sa’natga bo‘lgan qiziqishlarini oshirdi. Oromgohning har bir mavsumi 12 kundan iborat bo‘lib, o‘tkazilgan tadbirlar bolalarning bu erda har bir daqiqasi qiziqarli bo‘lishiga, ularni sog‘lom, tetik va baxtli qilishga xarakat qilindi. “O‘zbekiston kuni”, “Ertaklar -- yaxshilikka etaklar”, “Dunyo- retro- kino” kabi  ma’naviy va ma’rifiy tadbirlar bolalar dunyoqarashini yuksaltirishga, ularga dunyo davlatlari, urf-odatlari, raqslari va liboslarini bilib olishlariga sabab bo‘ldi. Oromgohda turli to‘garaqlar ham faoliyat yuritdi.

- Oromgohlar borasida ko‘nglingiz to‘lmagan tomonlar ham bo‘ldimi?

- Bu borada meni ko‘pdan  o‘ylantirib kelayotgan bir masalaga to‘xtalmoqchiman. Ya’ni, imkoniyatlarimiz etarli bo‘lgani holda respublikamizning Xorazm, Surxondaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand kabi viloyatlarida bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari tashkil etilmagan. Masalan qoraqalpog‘istonlik bolalar o‘zlariga yaqin Xorazm viloyatida dam olishlari mumkin-ku. To‘g‘ri, har yilgidek bu yil ham Vazirlik Hay’ati va Respublika kengashi Rayosatining qo‘shma qaroriga asosan Orolbo‘yi mintaqasida mehnat qilayotgan soha korxonalari xodimlarining farzandlarini sog‘lomlashtirishga alohida e’tibor va imtiyoz berildi, ya’ni ular uchun yo‘llanmalar  20 foizga chegirma bilan sotildi va   Qoraqalpokiston Respublikasidan 78 nafar, Xorazm viloyatidan 86 nafar va Toshkent shahrida istiqomat qilayotgan harakatlari cheklangan (bolalikdan nogiron) 13 nafar bola maroqli dam olib, o‘z salomatligini tikladi.

Lekin, yuqorida aytganimday, kelgusida sanab o‘tigan viloyatlarda ham bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarini tashkil etsa bo‘ladi. Buning uchun bo‘sh yotgan binolardan foylanish mumkin. Izlagan imkoni topadi, deganlariday, yuqoridagi viloyatlar xududiy boshqarmalari bu ishga jiddiy kirishsalar, ayni muddao bo‘lar edi.

Yana bir muammoga to‘xtalmoqchiman. Afsuski, ayrim korxonalar ish beruvchi va kasaba uyushmasi qo‘mitalari bu yilgi sog‘lomlashtirish mavsumida xodimlarining farzandlarini sog‘lomlashtirishdek muhim ishga jiddiy e’tibor qaratmadilar. Buning oqibatida “O‘zbekiston pochtasi” AJ Buxoro filialidan 31 nafar, Jizzax filialidan 18, TATU Nukus filialidan 15, AT “Aloqabank” Buxoro filialidan 17, Samarqand filialidan 14,  Qo‘qon filialidan 14, Farg‘ona filialidan 22, “O‘zbekiston-Indoneziya qo‘shma korxonasi “O‘zI-Samarqand” filialidan 24,  “UNICON.UZ” DUKdan 31, Toshkent shahridagi Inha universitetidan 42 nafar bola bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlariga jalb etilmadi.

Bu masalada ish beruvchilar va kasabaqo‘m a’zolari jiddiy o‘ylab ko‘rishlarini istar edim.

-Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat. Bundan keyingi ezgu ishlaringizda omad hamisha hamroh bo‘lishiga tilakdoshmiz.

 

Suhbatdosh

Muborak MIRKAMOLOVA

“Xabar” gazetasining 2019 yil 20 sentyabrdagi 38-sonidan olingan