Tahliliy-tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda yutuqlar, amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda ayrim kamchiliklar ham mavjudligiga e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining rayosat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishni Respublika kengashi raisi o‘rinbosari Anvar Ahmedov boshqardi va bugungi kunda respublikamizda olib borilayotgan islohotlar samarasini yanada oshirish, davlat, jamiyat va shaxsning har tomonlama rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda hayotning barcha sohalarini liberallashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda kasaba uyushmalari faol ishtirok etayotgani xususida so‘z yuritdi.
Rayosatda respublika kengashining 2019 yilning birinchi yarmi davomidagi faoliyati yakunlari va navbatdagi vazifalari, Jizzax va Sirdaryo viloyatlari aloqa korxonalarida ish o‘rinlari, mehnat sharoiti va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish holatini o‘rganish natijalari, “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili Davlat dasturi” ijrosini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, xodimlar murojaatlarining tahlil natijalari va aniqlangan muammolarni hal etish masalalari ko‘rildi. Respublika kengashi rayosatining ish jarayonlarida qabul qilingan qarorlari tasdiqlandi.
Respublika kengashi rayosatining 2019 yil 29 yanvardagi qarori doirasida O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”ga mo‘ljallangan chora-tadbirlari rejasi tasdiqlangan. Mazkur chora-tadbirlar rejasi asosida, kasaba uyushma tashkilotlari ish beruvchilar bilan hamkorlikda muayyan ishlarni amalga oshirib kelmoqdalar.
Jumladan, taqdim etilgan hisobotlar tahliliga ko‘ra:
- xodimlarga pensiyaga chiqishdan oldin bir yo‘la moddiy yordam berish va ularni qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlash maqsadida 38ta tashkilotda jami 189 nafar xodimga 348 mln. 878 ming so‘m, shundan 13 mln. 430 ming so‘mi kasaba uyushmasi byudjeti hisobidan mablag‘ sarflangan;
— xodimlarni yubiley sanalari munosabati bilan moddiy rag‘batlantirish yoki qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlash maqsadida jami 42ta tashkilotda 348 nafar xodimga 427 mln. 098 ming so‘m (shundan 34 mln. 890 ming so‘mi kasaba uyushmasi byudjeti hisobidan) mablag‘ yo‘naltirilgan;
— ishlamaydigan pensionerlar (korxonaning sobiq xodimlari)ga moddiy yordam ko‘rsatish uchun 40ta tashkilotda jami 2585 nafar mehnat faxriysiga 456 mln. 124 ming so‘m (shundan 77 mln. 600 ming so‘mi kasaba uyushmasi byudjeti hisobidan) mablag‘ sarflangan;
— yosh oilalarga uy-joy qurish va mamlakatimizda ishlab chiqilgan, uzoq muddat foydalaniladigan tovarlarni xarid qilish uchun jami 10ta tashkilotda 63 nafar xodimga ish beruvchi mablag‘i hisobidan 112 mln. 820 ming so‘m foizsiz ssuda ajratilgan.
Soha xodimlarini huquqiy himoyalash, kadrlar xizmati mutaxassislari va kasaba uyushma faollarining huquqiy savodxonligini oshirish, ularning ish sharoitlarini yaxshilash, boshlang‘ich tashkilotlarning huquqiy faoliyatini o‘rganish, murojaatlarni belgilangan tartibda ko‘rib chiqish va kasaba uyushma a’zolariga huquqiy yordam ko‘rsatish masalalariga ham alohida e’tibor berilmoqda.
Xususan, olti oy davomida kengashga kelib tushgan 102ta murojaat, shu jumladan, 15ta yozma, 87ta og‘zaki va shaxsiy qabul orqali murojaatlar ko‘rib chiqilgan.
E’tiborlisi shundaki, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturining hayotga tatbiq etilishida kasaba uyushmalari alohida o‘rin egallamoqda.
Joriy yilning aprel – may oylarida tashkil etilgan “Eng faol yosh ishchi kasb egasi” respublika tanlovida 16 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan yosh ishchi-mutaxassislar hamda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari qatnashdi.
Tahliliy-tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda yutuqlar, amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda ayrim kamchiliklar ham mavjudligiga e’tibor qaratildi.
Jumladan, joriy yilning birinchi choragi davomida o‘tkazilgan boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlari xatloviga ko‘ra, tashkilotlar soni o‘tgan yilga nisbatan uchtaga oshganiga qaramasdan, takomillashtirish, qisqartirish jarayonlarida kasaba uyushmasi a’zolari soni 648 nafarga kamaygan.
“O‘zbekiston pochtasi” AJ, “O‘zbektelekom” AK va “Matbuot tarqatuvchi” AK Surxondaryo filiallari kasaba uyushmasi qo‘mitalari raislari tomonidan shahar va tumanlardagi tarkibiy bo‘linmalarida faoliyat yuritayotgan xodimlar mehnat sharoitlarini o‘rganish, jamoa shartnomalari bajarilishini muhokama etish ishlari yo‘lga qo‘yilmagan.
Boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlarida a’zolik badallarining tushumini ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, “O‘zbektelekom” AK filiallari bo‘yicha Buxoro filiali 21 mln. 345 ming so‘m, Farg‘ona filiali 19 mln. so‘m “O‘zbekiston pochtasi” AJ filiallari bo‘yicha Jizzax filialida 31 mln. 603 ming so‘m, Navoiy filialida 12 mln. 332 ming so‘m, Namangan filialida 14 mln. 411 ming so‘m, Toshkent filialida 14 mln. 408 ming so‘m, Farg‘ona filialida 16 mln. so‘m a’zolik badalidan qarzdorlik mavjud. Sirdaryo filialida hududiy birlashmaga hisoblangan 4 mln. 787 ming so‘m a’zolik badallaridan ajratma shu davr ichida umuman hududiy birlashmaga o‘tkazilmagan.
Respublika filiallari bilan onlayn tarzda bo‘lib o‘tgan tadbirda yutuqlar, kamchiliklar va takliflar qizg‘in muhokama etildi va kerakli topshiriqlar berildi. Sohada muammolarni bartaraf etishga kelishib olindi.