O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining 2018 yil 29 dekabrdagi 12-17 “o” sonli Rayosat qarori asosida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiya Kengashining O‘quv markazida joriy yilning 21-28 iyul kunlari Respublika kengashining kasaba uyushmasi xizmatiga olingan yangi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari kasaba uyushmasi qo‘mitalari raislari va faollari uchun 5 kunlik o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.
Tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlarida kasaba uyushma tashkilotlari faoliyatini Ustav talablari va me’yoriy hujjatlar asosida yo‘lga qo‘yish, tashkilotlarda ijro intizomi va hujjatlar bilan ishlashda ish yuritish tartibi, mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish borasida kasaba uyushmalarining vazifalari, mehnat munosabatlarida xodim va ish beruvchining huquq va majburiyatlari, xalqaro shartnomalarning huquqiy asoslari, ijtimoiy sug‘urta hamda kasaba uyushma byudjeti mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish tartibi kabi mavzular yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
O‘quv mashg‘ulotlar interaktiv usulda olib borilib, o‘quv mashg‘ulotlari davomida o‘tilgan mavzular bo‘yicha yakuniy test sinovlari o‘tkazildi.
Test natijalariga ko‘ra barcha tinglovchilar yuqori ballarni qo‘lga kiritdi. O‘quv yakuni bo‘yicha tinglovchilarga “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi O‘quv markazi” NTM tomonidan “Guvohnoma” topshirildi.