Respublikamizning tarixiy shaharlari bo‘lmish Xiva va Urganch shahridagi tarixiy obidalar va ziyoratgohlarga 3 (uch) kunlik sayoxat joriy yilning 18-21 iyunь kunlari tashkil etildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi Rayosatining 2019 yil 16 yanvardagi “O‘zbekiston kasaba uyushmalari tizimida turizm sohasini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi 12-06 “s” son qarori hamda mazkur qaror bilan tasdiqlangan joriy yilda turizmni rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar Dasturi asosida xodimlar va ularning oila a’zolari uchun sayoxatlar tashkil etish reja-taqsimotiga binoan O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tizimiga kiruvchi korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan, tarmoq kasaba uyushmasi faoliyatida faol ishtirok etayotgan, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muxtoj bo‘lgan, xodimlar va ularning oila a’zolari uchun Respublikamizning tarixiy shaharlari bo‘lmish Xiva va Urganch shahridagi tarixiy obidalar va ziyoratgohlarga 3 (uch) kunlik sayoxat joriy yilning 18-21 iyunь kunlari tashkil etildi.
Sayohatchilar – aloqa va axborotlashtirish soha xodimlari «Toshkent» (janubiy) vokzalidan «Toshkent–Urgench–Xiva» poezdida Urganch shahriga etib kelganlaridan so‘ng, ular kutib oluvchi - tashkilotchilar tomonidan qulay va shinam «Xorazm Palace» mehmonxonasiga joylashtirildi. So‘ngra, zamonaviy avtobuslarda afsonaviy Xiva shahriga yo‘l olindi, 22 nafar sayyoh – bir guruh qilib belgilandi va har bir guruhga Xiva shahrida ekskursovod (gid) hamrohlik qilib, har bir obida haqida keng batafsil ma’lumot berildi.
Sayyoxlar Xiva shahrining diqqatga sazovor joylari, ko‘p yillik tarixni o‘zida aks ettiruvchi me’moriy ob’ektlari va qadimiy yodgorliklarni yaqindan ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Qadimiy Xivaning yanada go‘zal va maftunkor manzilgohlari, madrasa, maqbara, minora va zamonaviy majmualarini tomosha qilish orqali tarix nafasini his qilib, katta taassurotga ega bo‘ldilar.
Jumladan, Juma masjid, Shayx Muxtor Valiy Maqbarasi, Pahlavon Mahmud maqbarasi va boshqa noyob inshootlar katta qiziqish va xayrat o‘yg‘otdi. Ayniqsa, Ichan qal’a - Markaziy Osiyodagi yirik va noyob me’moriy yolgorlik - Xivaning ichki qal’a (Shahriston) qismi bo‘lib, Ichan qal’a shaharning Dishan qal’a (tashqi qal’a) qismidan kungurador devor bilan ajratilgan. U Xiva raboti (Dishan qal’a)dan baland qo‘rg‘ontepaga o‘xshab ko‘rinadi.
Ichan qal’aga 4 darvoza (Bog‘cha darvoza, Polvon darvoza, Tosh darvoza, Ota darvoza) dan kirilgan. Ichan qal’aga tashrif buyurgan har bir sayyoh, o‘zini go‘yoki ertaklar olamiga tushib qolgandek, his qiladi.
Kasaba uyushmalari tashabbusi bilan va imtiyozli ravishda uyushtirilgan mazkur sayyoxlik tadbiri ishtirokchilar tomonidan alohida e’tirof etildi.
Soha tizimida faoliyat yuritayotgan kasaba uyushma a’zolari va ularning oila a’zolari ushbu maroqli sayohat uchun tashkilotchilarga samimiy minnatdorchilik bildirdilar.