O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Kasb-hunar ta’limi markazi, bir qator vazirlik va tashkilotlar hamkorligida yoshlarning xalqaro standartlar asosida kasblar egallashi, kasbiy mahoratini oshirishga keng imkoniyat yaratish, qobiliyatlilarni aniqlash va rag‘batlantirish maqsadida «Eng faol yosh ishchi kasb egasi» tanlovi o‘tkazilmoqda.
Tanlovda «Kompьyuter va kompьyuter jihozlarini ishlatish va dasturiy ta’minoti bo‘yicha texnik», «Avtotransport vositalarini ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish chilangari», «Umumqurilish ishlari ustasi», «Qurilish-pardozlash ishlari ustasi», «Ortopedik stomatologiya texnigi», «Oshpaz», «Sartaroshlik va dekorativ kosmetika ustasi», «Havo kemalari va aviadvigatellarini texnik ishlatish bo‘yicha aviatsiya texnigi», «Qishloq xo‘jaligi mashina va jihozlariga xizmat ko‘rsatish mexanigi», «Sug‘urta agenti», «Buxgalter», «Neftь va gazni qayta ishlash mashina va jihozlari mexanigi», «Kimyoviy tahlil laboranti», «Elektromontyor», «Rassom», «Temiryo‘l vagonlariga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash mexanigi», «Kon ishlari bo‘yicha usta» nominatsiyalari bo‘yicha 16 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan xodimlar hamda kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari ishtirok etishlari mumkin.
Tanlovda qatnashish istagida bo‘lganlar tanlov nominatsiyasi nomi ko‘rsatilgan holda o‘zi istiqomat qiladigan tuman (shahar) kasaba uyushmasi kengashiga (tashkiliy qo‘mita) tegishli hujjatlarni joriy yilning 20 apreliga qadar taqdim qilishi kerak. Kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari hujjatlarni o‘zlari tahsil olayotgan o‘quv muassasasi qoshidagi komissiyaga topshirishi tavsiya etiladi.
Tanlov uch bosqichda, ya’ni tuman (shahar), korxonalarda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hamda respublika tarmoqlari miqyosida o‘tkaziladi.
G‘oliblar tashkilotchilarning diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
Tanlov to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar bilan Kasaba uyushmalari Federatsiyasining (71) 256-76-57, 252-78-39, 252-21-19 hamda Respublika kengashining 256-86-59 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.