Tuproqni uyg‘otib maysa cho‘zdi bo‘y, Tabiat kelindek bunchalar xushro‘y, Bahor kunlarida har bir kuning to‘y, Xalqim, bu kun senga Navro‘z muborak!
Aziz yurtimizga fasllar kelinchagi – bahor kirib keldi. Ona zamin uyg‘onmoqda, barchamiz intizor bo‘lib kutayotgan Navro‘z bayrami – yasharish va yashnash fasli kirib kelmoqda. Dalalaru bog‘larda ishlar qizigan, dehqonlar kuzda ishlov berib tayyor holga keltirilgan dalalarga sara urug‘ ekish bilan ovora bo‘lsa, bog‘larda bog‘bonlar meva ko‘chatlariga shakl berish va yangi ko‘chatlarni maydonlarga o‘tqazib yangi bog‘lar yaratish bilan mashg‘ul.
Shahar va qishloqlarimizda obodonlashtirish ishlari umumxalq hasharlari tashkil qilinib, ko‘cha va xiyobonlarimiz, xovli joylarimiz, masjidu qabristonlarimiz pokizaligi va obodonligi yo‘lida keng ko‘lamda ishlar olib borilmoqda.
Navro‘z bayrami oldidan bunday xayrli ishlar olib borish xalqimizda an’anaga aylanib ketgan.
Biz nishonlayogan bu Navro‘z bayramining din yoki e’tiqodga daxli yo‘q, balki milliy bayramimiz bo‘lib, qish faslidan chiqib, bahor ayyomiga salomat etganimiz, erga urug‘ qadaydigan vaqt etgani munosabati bilan dehqonlarning bahor bayrami sifatida nishonlaydigan mavsumiy bir tadbiri hisoblanadi.
Mir Alisher Navoiy xazratlari ham o‘z asarlarida: “Har tuning “Qadr” o‘lubon, har kuning o‘lsun “Navro‘z” – deb bu kunni alohida yod etganlar.
Navro‘z bayrami munosabati bilan mamlakatimizda turli sayillar, tomoshalar, bayram tadbirlari o‘tkazilmoqda, shu kuni mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, urush va mehnat faxriylari, yolg‘iz keksalar, nogironlar, mehrga muhtoj kishilar holidan xabar olish, ularni bayram bilan qutlab, turli sovg‘alar, xayr – ehsonlar taqdim etish xalqimizning go‘zal an’analaridandir.
Bahorning ilk kunlaridan boshlab halol mehnat jabxasiga kirgan mehnatkash bobodehqonlarimiz tomonidan sepilgan sara don, ekilgan urug‘ unib – o‘ssin. Milliy bayramimiz bo‘lmish Navro‘zi olamni munosib ko‘tarinki ruxda o‘tkazishni barcha yurtdoshlarimizga tilab qolamiz.
Respublika kengashi aloqa sohasidagi barcha xodimlarni yaqinlashib kelayotgan uyg‘onish, yangilanish va yasharish bayrami bilan samimiy muborakbod etadi. Ezgu ishlaringizda barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, xonadoningizga fayzu baraka tilaymiz.
Navro‘z barchangizga rizq-ro‘z va yangi muvaffaqiyatlar olib kelsin. Mustahkam sog‘liq va ko‘tarinki kayfiyat doimo Sizlarga hamroh bo‘lsin!