O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining 2019 yilga mo‘ljallangan o‘zaro hamkorlik va ijtimoiy sheriklik bo‘yicha qo‘shma tadbirlar rejasiga muvofiq Respublika kengashi hamda vazirlik mutaxassislari tomonidan Jizzax viloyatidagi soha korxonalarida mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha Qonun, qoida va me’yorlarga rioya etilishi, xodimlarga yaratilgan mehnat sharoitlari, ularning ijtimoiy-huquqiy himoyasi holati o‘rganildi.
Viloyatdagi soha korxonalarida xodimlarga munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ularning mehnatini muhofaza qilish yo‘nalishida ko‘plab amaliy ishlar amalga oshirilib, ijobiy natijalarga erishilganligi, ya’ni AT “Aloqabank” Jizzax filialining barcha xodimlari tibbiy sug‘urta qilingani, barcha korxonalar ish beruvchilari o‘zlarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilganligi, tumanlarda xodimlarning mehnat sharoitlari yaxshilanayotganligi aloqa korxonalarida nafaqat axborot texnologiyalari, balki xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va mehnatini muhofaza qilish yo‘nalishlariga ham katta e’tibor qaratilayotganligidan dalolat bermoqda.
Korxonalarda olib borilgan o‘rganishlar tahlili, amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda xodimlar va mutaxassislarning xuquqiy savodxonligini oshirish, mehnat sharoitlarini yanada yaxshilash, ish o‘rinlarini attestatsiyadan o‘tkazish, xodimlarni tibbiy ko‘rikdan ztkazish, ularni maxsus kiyim va shaxsiy ximoya vositalari bilan ta’minlash, mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi bo‘yicha o‘z vaqtida yo‘l-yo‘riqlar berish, ishchi-xodimlarning mehnat jarayonidagi xavfsizligi, sihat-salomatligi va ish qobiliyati saqlanishini ta’minlashga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy, texnikaviy, sanitariya-gigiena va davolash-profilaktika tadbirlari hamda vositalari tizimini yanada samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kasaba uyushma tashkilotlari bilan ish beruvchilarning faoliyati talab darajasida emasligini ko‘rsatmoqda.
Ushbu xolat, korxonalarda ish beruvchilar, kasaba uyushma qo‘mita a’zolari hamda mehnat muhofazasi bo‘yicha mutaxassislarning mehnat muhofazasi bo‘yicha malakasini oshirishga va ularning shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirishga alohida e’tibor berishni taqozo etadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib Jizzax viloyatida soha rahbariyati ishtirokida tashkil etilgan videoselektor yig‘ilishida o‘rganishda aniqlangan kamchiliklarni belgilangan muddatlarda bartaraf etish bo‘yicha ish beruvchilar hamda kasaba uyushma qo‘mitasi raislariga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.