O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining 2018 yil 29 dekabrdagi 12-17 “o son Rayosat qarori asosida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiya Kengashining O‘quv markazida tizimdagi boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkilotlarining xotin-qizlar komissiyalari va a’zolari uchun besh kunlik o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.
Tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlari xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini hamda huquqiy savodxonligini oshiriga qaratilib, birinchi navbatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar muxokamasi bilan boshlandi.
Mashg‘ulotlar interaktiv usulda tashkil etilib, unda korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar bilan ishlash borasidagi ustuvor vazifalar, mehnat sohasida ijtimoiy sheriklik asoslari, bandlik va ijtimoiy himoya sohasida xotin-qizlar komissiyalarining vazifalar xususida mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Bundan tashqari, mashg‘ulotlarda ijtimoiy sug‘urta mablag‘laridan maqsadli foydalanish, xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi Konventsiyalarning mazmun-mohiyati, kasb kasalliklarining kelib chiqishi, diagnostikasi, ekspertizasi va reabilitatsiyasi, jamoa-shartnomalarida xotin-qizlar uchun belgilangan imtiyozlar mavzulariga alohida urg‘u berildi.
Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining birlashmalar erkinligi va kasaba uyushmalariga birlashish huquqini himoya qilish to‘g‘risidagi 87-Konventsiyasi, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi PF-5325 Farmoni ahamiyati, oilada shaxslararo munosabatlar psixologiyasi kabi mavzularda batafsil tushuntirishlar berildi.
Tashkil etilgan o‘quv mashg‘ulotlar bilan birgalikda tinglovchilar uchun madaniy tadbirlar ham tashkil etildi. Galdagi madaniy tadbirlar negizida tajriba almashish maqsadida tinglovchilar Toshkent teleminorasiga tashrif buyurib, u erdagi xotin-qizlar komissiyasi faoliyati bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Shuningdek, “Muqimiy” nomidagi O‘zbek davlat musiqa teatrida “Asil xazina” musiqaviy komediyasini tomosha qildilar.
Mashg‘ulotlar so‘ngida 5 kun davomida o‘tilgan mavzular bo‘yicha test sinovlaridan a’lo darajada o‘tgan 18 nafar tinglovchilarga guvohnomalar topshirilishi qatorida, joylarga borganda komissiya ishini yanada jonlantirish, xotin-qizlarni huquqiy, ijtimoiy himoyasini ta’minlash, madaniy-ma’rifiy, sport-sog‘lomlashtirish borasida olib borayotgan ishlarini samaradorligini yanada ko‘tarish borasida qator vazifalar bilan kuzatildi.
O‘ylaymizki 5 kun davomida turli mavzularda xotin-qizlar komissiyasi raisilari va a’zolari uchun berilgan huquqiy ma’lumotlar ularning ish faoliyatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.