12 yanvar kuni Toshkent axborot texnologiyalari universitetida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi hamda “14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan “Milliy armiyamiz – yoshlarning mardlik, matonat va jasorat maktabidir” nomli tantanali tadbir tashkil etildi.
Tadbirda universitetning Maxsus fakulьteti hamda harbiy kafedrasining ofitserlari, harbiy xizmatchilari va kursantlar ishtirok etdilar. Tadbir davomida 4 nafar harbiy xizmatchiga O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Faxriy yorlig‘i, 3 nafar harbiy xizmatchiga “O‘z kasbining ustasi” belgisi, 8 nafar Maxsus fakulьtet ofitserlari va 13 nafar harbiy kafedra talabalariga universitet rektorining Faxriy yorlig‘i, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Darhaqiqat, 1992 yil 14 yanvarda mustaqil davlatimiz tarixida yana bir muhim qadam qo‘yilib, shu kundan mamlakatimiz hududidagi barcha harbiy qism va bo‘linmalarni O‘zbekiston tasarrufiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Shu tariqa Vatan himoyachilari kuni ozod va erkin xalqimizning yangi, muqaddas bir bayrami sifatida nishonlanib, yildan-yilga odamlarimizning ko‘nglidan, ichki dunyosidan chuqur joy olib bormoqda.
Hukumatimiz tomonidan o‘tgan yillar mobaynida yurtimizda davr talabi va jahon andozalariga javob beradigan Qurolli Kuchlarni barpo etish, mamlakatimiz mustaqilligi, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlash, barqaror va izchil demokratik taraqqiyotimizning ishonchli kafolati bo‘lgan milliy armiyamizni shakllantirish yo‘lida keng ko‘lamli va mohiyatan ulkan ishlar amalga oshirildi. Avvalo, harbiy soha islohotlari bilan bog‘liq strategik maqsadlarga erishishning muhim huquqiy poydevori bunyod etildi.
Qurolli Kuchlarimizning izchil isloh etilishi natijasida printsipial yangi tashkiliy-shtat tuzilmalari, harbiy boshqaruv tizimlari, turli qo‘shin turlari harakatlari muvofiqlashtirildi va ularning hamkorligini ta’minlash mexanizmlari shakllantirildi, harbiy xizmatchilarning professional tayyorgarligi va ularning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishi tubdan yaxshilandi. Harbiy ta’lim sohasida olib borilgan izchil islohotlar xozirgi kunda o‘z samarasini bermoqda.
Harbiy bilim yurtlari va ulardagi fakulьtet hamda kafedralar soni oshganligi, Qurolli Kuchlarimiz akademiyasi tashkil etilganligi, istiqlolimizning mevasi bo‘lgan serjantlar tayyorlash maktablarini bitirayotgan professional va har tomonlama etuk serjantlarimiz hozirgi kunda armiyamizning haqiqiy suyanchi va tayanchiga aylanganidan har qancha faxrlansak arziydi. Endilikda serjant deganimizda oddiy askarlarning ustozi, ofitserlarning eng yaqin ko‘makchisi, xarbiy xizmatni o‘ziga kasb deb, o‘z hayotining taqdiri deb biladigan jasur o‘g‘lonlarimizni tushunamiz.
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Maxsus fakulьteti ham o‘tgan 26 yil faoliyati davomida mustaqil yurtimiz ravnaqi yo‘lidagi islohotlarda faol ishtirok etib, bugungi kunda Qurolli Kuchlar safiga axborot texnologiyalari, aloqa va telekommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishida yuqori malakali ofitser kadrlar tayyorlab, hukumatimiz ishonchini oqlab kelmoqda. Fakulьtet moddiy-texnika bazasi zamonaviy axborot-telekommunikatsiya texnologiyalari asosida takomillashtirildi, o‘quv jarayoni davlat ta’lim standartlari mezonlari asosida tashkillashtirildi, axborot resurslari bazasi hamda shaxsiy tarkibning maishiy qo‘llab-quvvatlash tizimi shakllantirildi.
Hukumatimiz tomonidan Qurolli Kuchlarimizga ko‘rsatilayotgan e’tiborini alohida e’tirof etgan holda Maxsus fakulьtet shaxsiy tarkibining mas’uliyatli va yuqori darajadagi kasb mahorati bundan buyon ham qo‘yilayotgan vazifalarning a’lo darajada bajarishga ko‘maklashadi.
Tadbir davomida Yunusobod tumanidagi 20-sonli Madaniyat va aholi dam olish markazi xonandalarining musiqali chiqishlari, TATU Maxsus fakulьteti kursantlarining harbiy jangovor harakatlar ko‘rgazmasi bayram muhitiga yanada ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.