“DARYOGA AYLANDI “PROFSAYUZ”LAR...”

Raqamli texnologiyalar vazirligida Oʻzbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasining X Qurultoyi boʻlib oʻtdi.

Dastlab tarmoq xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Asror Eshonxoʻjayevning 2020-yilning avgustidan 2025-yil avgustigacha boʻlgan faoliyat yuzasidan hisoboti tinglandi.  

Taʼkidlanishicha, aʼzolik afzalliklarining yangi shakllarini ishlab chiqish, kasaba uyushmalariga iqtisodiyotning nodavlat sektori xodimlarini kengroq jalb qilish natijasida hisobot davrida 236 ta tashkilotda faoliyat yurituvchi 17219 nafar xodim aʼzolikka qabul qilindi. Natijada tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi xizmati doirasida boʻlgan tashkilotlar 404 tani, ularda faoliyat yuritayotganlar 85533 nafarni tashkil etib, bu koʻrsatkich 2020-yilga nisbatan 28,5 foizga oʻsishiga erishildi.

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kompleks integrallashgan axborot tizimi (kiat.kasaba.uz)ga soha yoʻnalishida faoliyat yuritayotgan korxona, tashkilot va muassasalar jamoa shartnomalari bosqichma-bosqich joylashtirildi.

Munosib ish haqi berish, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj xodimlarning Tarmoq jamoa kelishuvlari va shartnomalari orqali qoʻshimcha moddiy qoʻllab-quvvatlanishi natijasida oʻrtacha toʻlangan oylik ish haqi miqdori yildan yilga oʻsishiga erishildi.

Yoshlarni, ayollarni va mehnat bozorida raqobatlashish imkoniyati cheklangan shaxslarni ish bilan taʼminlash, yangi va qoʻshimcha ish joylarini yaratish, aholiga sifatli hamda qulay aloqa xizmatini koʻrsatuvchi kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish boʻyicha har qanday tashabbuskorlikni, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashda faol ishtirok etildi.

Xodimlarning huquqiy savodxonligini va madaniyatini oshirish hamda qabul qilingan qonun hujjatlari boʻyicha targʻibot ishlarini olib borishga alohida eʼtibor qaratildi.

Boshlangʻich kasaba uyushmasi qoʻmitalari hamda mehnat nizolari komissiyasi aʼzolari uchun 15 tadan ortiq qoʻllanmalar (broshyura, yoʻriqnoma, tushuntirish va eslatma) tayyorlandi.

Tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan soha xodimlarining 157 ta yozma hamda 300 ta ogʻzaki murojaati, korxonalar va boshlangʻich tashkilotlardan tushgan 138 ta xat (hujjat)lari  belgilangan tartibda koʻrib chiqilib, tegishli javoblar berildi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi va tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi oʻrtasida korxona, tashkilot va muassasalarda “Mehnat sharoitlarini yanada yaxshilash, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning oldini olish va kasb kasalliklarining profilaktikasi” boʻyicha chora-tadbirlar rejasi tizimli ravishda ishlab chiqildi va bajarilishi yuzasidan jamoatchilik nazorati hamda monitoringi olib borildi. Korxona va tashkilotlarda mehnat muhofazasi boʻyicha saylangan vakillarning 415 nafaridan 216 nafari oʻqitildi.

“Maʼrifat soatlari”ning tizimli oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyilishi natijasida ularda qariyb 53 ming nafarga yaqin ishchi-xodimning ishtiroki taʼminlandi.

 2021-2024-yillar yoz mavsumi davomida soha xodimlari farzandlarining 7552 nafari “Oʻzbektelekom” AK tasarrufidagi oromgohlarda, 2325 nafari hududlardagi boshqa sogʻlomlashtirish maskanlarida, shuningdek, 1057 nafari Bolalarning dam olishini va sogʻlomlashtirilishini tashkil etish departamenti qoshidagi oromgohlarda sogʻlomlashtirildi.

2020-2024-yillarda sanatoriylarda 2 642 nafar kishi sogʻlomlashtirildi. Shu jumladan, 294 nafar xodimga bepul yoʻllanmalar berildi.

Korxona, tashkilot va muassasalar xodimlari hamda ularning oila aʼzolarining sport-sogʻlomlashtirish bilan muntazam mashgʻul boʻlishi uchun shart-sharoitni yaxshilash, madaniy-maʼrifiy ishlar boʻyicha ommaviy tadbirlarni oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, mini futbol musobaqasining turli bosqichlarida soha korxona va tashkilotlarining 5,5 mingdan ziyod xodimlaridan iborat jamoalar ishtiroki taʼminlandi.

Yoshlar oʻrtasida ekologik madaniyatni rivojlantirish maqsadida “Ekoturizm” aksiyasi, “Shaxmat”, “Oʻzbektelekom” AK filiallari hamda TATU va uning filiallarida “Kibersport” boʻyicha musobaqalar, “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari, “Zakovat”, “Business Quiz” va “UzQuiz” intellektual oʻyinlari, ishchi kasblarni ommalashtirish, iqtidorli yosh mutaxassislarni aniqlash, ularning kasbiy mahorati va bilim darajasini oshirish maqsadida “Eng faol elektromontyor” tanlovi oʻtkazildi.

“Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dasturi doirasida 25 mingdan ziyod ishchi-xodimlar, ularning oila aʼzolari, mehnat faxriylari, ehtiyojmand oilalar vakillarining tarixiy shaharlarga hamda oʻz hududlaridagi diqqatga sazovor qadamjolarga sayohatlari uyushtirildi.

Xorijiy va mustaqil hamdoʻstlik davlatlardagi turdosh kasaba uyushmalari oʻrtasida hamkorlik koʻlamini kengaytirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Rossiya, Qirgʻiziston, Moldova va Ozarbayjon aloqa xodimlari kasaba uyushmalari bilan memorandum, Belarus aloqa xodimlari kasaba uyushmasi bilan shartnoma, Tojikiston aloqa xodimlari kasaba uyushmasi hamda “Qozogʻiston axborot, aloqa va telekommunikatsiya sohasi xodimlari kasaba uyushmasi” jamoat birlashmasi bilan kelishuvlar imzolandi. 2022-yildan UNI Global Union xalqaro kasaba uyushmalari tashkilotiga aʼzolikka qabul qilindi.

Qurultoyda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari Bosh muharriri, senator Husan Ermatov hamda boshqalar soʻzga chiqib, oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi. Ayniqsa, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori, senator Abdusaid Koʻchimov dilidagi gaplarni quyidagicha ifodaladi:

...Bir daryo sharqirab kirdi vatanga,

Daryodek joʻshmoqda bugun voizlar.

Daryolar koʻpirdi har tong har jonda,

Daryoga aylandi “profsayuz”lar...

Oʻzbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining hisobot davridagi faoliyati qoniqarli deb baholandi.

Muqobillik asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkazilgan saylovda kengash raisi va uning oʻrinbosari lavozimlariga ikkitadan nomzod koʻrsatildi. Saylov natijalariga koʻra, Asror Eshonxoʻjayev navbatdagi muddatga Oʻzbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi, Anvar Ahmedov uning oʻrinbosari lavozimiga saylandi. Shuningdek, Respublika kengashi tarkibi, taftish komissiyasi aʼzolari, raisi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining IX Qurultoyiga delegatlar hamda Bosh Kengash tarkibiga vakillar ham saylab olindi.

Salim ABDURAHMONOV

ISHONCH