Toshkentda “Yangi raqamli texnologiyalarni o‘qitish markazi” va “Kriptologiya maktabi” faoliyatini boshladi

O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar va axborot xavfsizligi sohasini rivojlantirishga qaratilgan yana bir muhim qadam tashlandi. “UNICON.UZ” Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi qoshida “Yangi raqamli texnologiyalarni o‘qitish markazi” va “Kriptologiya maktabi” ishga tushirildi.

Ushbu ta’lim markazlarining ochilish marosimida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi.

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Prezidentining 2020-yil 5-oktabrdagi “Raqamli O‘zbekiston-2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonini hayotga tadbiq etish doirasida ushbu ikki muassasa mamlakatimizda raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, yuqori malakali IT mutaxassislarini tayyorlash va axborot xavfsizligi sohasidagi ilmiy salohiyatni oshirishga salmoqli hissa qo‘shadi.

“Yangi raqamli texnologiyalarni o‘qitish markazi” – bu zamonaviy raqamli yechimlar, sun’iy intellekt (AI), bulutli texnologiyalar va DevOps, dasturiy ta’minot ishlab chiqish, buyumlar Interneti (IoT), Big Data va ma’lumotlarni tahlil qilish (Data Science), raqamli marketing va Internet orqali savdo (e-commerce) kabi yo‘nalishlarda ta’lim berishga ixtisoslashgan markaz hisoblanadi. Markazda ilg‘or o‘quv dasturlari, xalqaro tajriba va amaliy ko‘nikmalarni qamrab olgan o‘qitish tizimi joriy etiladi. Unda talabalar, soha mutaxassislari va yosh dasturchilar uchun yuqori tajribali trener-murabbiylar rahbarligida o‘quv mashg‘ulotlari olib boriladi.

“Kriptologiya maktabi” - kriptologiyaning ilmiy yo‘nalishlari, kriptografiya va kriptotahlil algoritmlari, axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik sohalariga ixtisoslashgan ta’lim maskani bo‘lib, bu yo‘nalishdagi ilmiy-tadqiqot ishlariga ham alohida e’tibor qaratiladi. Maktabda  nafaqat kriptologiya bo‘yicha ommaviy savodxonlikni va mutaxassislarning malakasini oshirish, balki talaba-yoshlar va sohada ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilar uchun ham keng imkoniyatlar yaratiladi.

Ushbu tashabbuslar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, yoshlarni zamonaviy IT va axborot xavfsizligi sohalariga jalb etish, milliy kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan islohotlari doirasida amalga oshirilmoqda.

Ma’lumot uchun: UNICON.UZ O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi qoshida 1992-yilda ta’sis etilgan yetakchi Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazidir. 30 yildan ziyod vaqt mobaynida markaz raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, innovatsiyalarni joriy etish, shuningdek, ilg‘or axborot texnologiyalari xizmatlarini taqdim etib kelmoqda. Jumladan, Data-markaz xizmatlari, E-Xat, Elektron raqamli imzolar, ERI kalitlari, axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, apparat va dasturiy qurilmalarni ishlab chiqish, kriptomodullarni integratsiyalash va o‘rnatish, ilmiy-tadqiqot ishlari, telekommunikatsiya va maishiy texnika texnik vositalarining laboratoriya sinovlari, normativ hujjatlarni ishlab chiqish, telekommunikatsiya texnik vositalarini sertifikatlashtirish va boshqalar.

 

Maʼlumot digital.uz saytidan olingan.