Mini futbol(futzal) boʻyicha turnir yakunlandi

Mini futbol(futzal) boʻyicha koʻchma kubok uchun Toshkent shahridagi korxonalar oʻrtasidagi turnir yakunlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Oʻzbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi hamkorlikda 25 yil mobaynida soha korxonlari xodimlari oʻrtasida mini futbol (futzal) boʻyicha musobaqalarini tizimli ravishda oʻtkazib kelmoqda.

Raqamli texnologiyalar sohasidagi korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat yuritayotgan xodimlar oʻrtasida turli xil sport musobaqalarini oʻtkazish orqali sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy tarbiya mashgʻulotlari bilan shugʻullanishlari uchun yaratilgan sharoitlardan oqilona foydalanish, jismoniy tarbiya va sportni soha xodimlarining kundalik turmush tarziga aylantirish hamda yanada ommalashtirishga yoʻnaltirilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri, Tashkiliy qoʻmita raisi tomonidan tasdiqlangan Tashkiliy qoʻmita qarori bilan, Toshkent shahridagi Raqamli texnologiyalar sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalar xodimlaridan tuzilgan jamoalar oʻrtasida 2025-yil 1 – 3-may kunlari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti sport zalida mini futbol (futzal) boʻyicha musobaqalar yuqori saviyada oʻtkazildi.

Qiziqarli oʻtkazilgan oʻyinlar natijasida “Oʻzbekiston pochtasi” AJ “Toshkent pochtamti” filiali, “Oʻzbektelekom” AK “Markaziy” filiali va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti jamoalari gʻolib boʻlib respublika final bosqichi musobaqasida ishtirok etish uchun yoʻllanmani qoʻlga kiritishdi.

Shuningdek, musobaqaning “Oʻtish” turniri yakuni boʻyicha “Alskom” jamoasi 1-oʻrin, “Uzpost” jamoasi 2-oʻrin, “Aloqabank” va “Uztelecom” jamoalari 3-oʻrinni egallashdi.

Musobaqaning barcha ishtirokchilari Tashkiliy qoʻmita tomonidan esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi.