ORTIQCHA SAVOLGA OʻRIN QOLMADI

Aloqa tarixi muzeyida Axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi “Boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarida hisobot-saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va uni Nizom talablari asosida oʻtkazish” mavzusida oʻquv-seminar oʻtkazdi.

 Tadbirni tarmoq xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Asror Ishanxoʻjayev ochib, oʻtgan besh yillik faoliyat mobaynida kasaba uyushmalari tomonidan aʼzolar manfaati yoʻlida amalga oshirilgan ishlar va  oldinda turgan dolzarb jarayon – hisobot-saylovlar yuzasidan soʻz yuritdi.

Shundan soʻng mavzu yuzasidan maʼruza tinglandi. Hisobot-saylov konferensiyasini olib borish, boshlangʻich kasaba uyushma qoʻmitasi tarkibi va raisini, taftish komissiyasini saylash kabi jarayonlar slayd yordamida tushuntirildi.

– Bu yilgi saylovlarda qator yangiliklar kiritilgan. Buni boshlangʻich tashkilotlarga yetkazishimizda ushbu tadbirning ahamiyati katta boʻldi. Ayniqsa, hisobot-saylovlar jarayoni amaliy tarzda koʻrsatib oʻtilgani yigʻilganlar uchun qiziqarli boʻlib, ortiqcha savollarga oʻrin qoldirmadi, – deydi Respublika kengashining ijtimoiy himoya masalalari boʻyicha bosh mutaxassisi Yunus Gapurov.