“O‘zbektelekom” AK Jizzax filiali yoshlari va Filial kasaba uyushmasi qo‘mitasi a’zolari o‘rtasida bir qator sport musobaqalari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar hamda “Zakovat” intellektual viktorinasi o‘tkazildi.
Filial tasarrufida faoliyat yuritayotgan 50 nafar xodim ishtirok etgan tadbirlar Filial rahbariyati va kasaba uyushmasi qo‘mitasi tashabbusi bilan Jizzax viloyati Uobsoy qishlog‘ida joylashgan Sh.Rashidov nomidagi oromgohda tashkil qilindi.
Tadbirlar dastlab O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi O‘RQ-931-son Qonuni mazmun-mohiyati, amaliyoti va ahamiyati, shuningdek, Kompaniyaning odob-axloq va ichki mehnat tartib-qoidalari mavzulariga bag‘ishlangan davra suhbati bilan boshlandi.
Shundan so‘ng, sportning suzish, stol tennisi turlari bo‘yicha musobaqalarga start berildi. Bellashuvlar esa shaxmat-shashka va savol-javob shaklidagi viktorina o‘yinlari hamda madaniy tadbirlarga ulanib ketdi. Faol ishtirokchilarga kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.