Kasaba uyushmasi qo‘mitasi faollari rag‘batlantirildi

Bugun mamlakatimizdagi har bir davlat tashkilotida kasaba uyushmasi qo‘mitalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan va ular tomonidan ishchi-xodimlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularga munosib mehnat sharoitini yaratib berish maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, “O‘zbektelekom” AK Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan ham.

Aytish joizki, O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 23-noyabrdagi “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunini belgilash to‘g‘risida”gi 648-sonli qonuniga muvofiq, 11-noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni etib belgilangan.

Shu munosabat bilan Kompaniyaning Kasaba uyushmasi qo‘mitasi faoliyatiga ko‘p yillar mobaynida o‘zining fidokorona mehnati bilan ijtimoiy sheriklik asosida xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy manfaatini himoya qilishda munosib hissasini qo‘shib kelayotgan bir guruh faollarga tashakkurnoma topshirish ma’rosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda “O‘zbektelekom” AK Faxriylar kengashi raisi Gʻolibsher Ziyayev ishtirok etib, mazkur yo‘nalishdagi fidoyiligi uchun faollarga Kompaniya rahbariyati va Kasaba uyushmasi qo‘mitasi alohida minnatdorlik bildirib o‘tdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, bugunga qadar Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tashabbusi bilan tizimda uzoq yillar ishlab, nafaqaga chiqqanlar, yolg‘iz qariyalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va mehnat faxriylari har tomonlama e’zozlanib, ko‘makka muhtojlarga beg‘araz yordam ko‘rsatilmoqda.

Shuningdek, soha xodimlari uchun doimiy tarzda madaniy-ma’rify tadbirlar, ko‘ngilochar maskanlarga tashriflar, respublikaning tarixiy shaharlariga sayohatlar, sport-sog‘lomlashtirish tadbirlari va turli yo‘nalishdagi ko‘rik-tanlovlar o‘tkazib kelinadi.

 

 “O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati