Kasaba uyushmalari kuni oldidan soha xodimlari farzandlariga sayohat uyushtirildi

Mamlakatimizda yosh avlodga kelajak egalari, ezgu ishlarimizning davomchilari sifatida e’tibor qaratiladi. Shu boisdan, ularning har tomonlama barkamol bo‘lib ulg‘ayishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda, “O‘zbektelekom” AK tomonidan ham nafaqat soha xodimlari, balki ularning oilasi, farzandlari uchun ham turli imkoniyatlar taqdim etib kelinadi. Bolalarga oid bayram sanalarida tashkil etiladigan madaniy hordiq ulashuvchi konsert dasturlari, bayram sovg‘alari va oromgohlarga uyushtiriladigan ta’til kunlari shular jumlasidandir.
“O‘zbektelekom” AK Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan ushbu an’ana davom ettirib kelinmoqda. Xususan, Prezidentimiz tomonidan yoshlarga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirish, ularni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusda belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash borasida soha xodimlari farzandlarining kuzgi ta’til kunlariga mazmun bag‘ishlash istagida ular uchun poytaxtimizning diqqatga sazovor joylariga sayohat tashkil etildi.
50 nafardan ziyod bolajonlar ishtirokidagi sayohat UZTELECOM yangi binosining 1-qavatida  joylashgan Kovorking markazi bilan yaqindan tanishishdan boshlandi. Ular bu yerda mamlakatimizda ham tobora rivojlanib borayotgan kibersport uchun yaratilgan imkoniyatlar, eng zamonaviy kompyuterlar va eng so‘nggi virtual ishlanmalar haqida ma’lumot olishdi.
Shundan so‘ng, Toshkent markazidagi Romanovlar uy muzeyi, ulug‘vor me’moriy yodgorlik Hazrati imom majmuasi, Politexnika, Qatag‘on qurbonlari xotirasi va Aloqa tarixi muzeylarida bo‘lishdi.
“O‘zbektelekom” AK Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan tashkil qilingan mazmunli sayohat doirasidagi bayramona tushlik va muzeylarga tashrif bolajonlarga ko‘tarinki kayfiyat va mazmunli taassurot bag‘ishladi.
 

"O‘zbektelekom" AK Axborot xizmati