Bugungi kunimiz O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi A.Ishanxodjaev huzurida davlatimiz ramzi bo‘lgan bayrog‘imiz qabul qilingan kunni nishonlash bilan boshland.
Davlat ramzlari hamisha muqaddas va ardoqli sanaladi. Boisi ularda sevikli Vatanning surati, mehru tarovati, xalqning mardonavor o‘tmishi, bugungi fidokorligi va istiqboli baralla namoyon bo‘ladi. Ulardan biri Davlat bayrog‘idir.
Jonajon O‘zbekistonimizning moviy, zangori, oppoq ranglarga uyqash, hilol Oy va kumush yulduzlar jilolanib turgan bayrog‘ini mag‘rur hilpirab turganini har gal ko‘rganda ko‘ngilda ajib tuyg‘ular uyg‘onadi, faxru ixtixor vujudingni quchadi.
Bayrog‘imizdagi moviy rang – tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obi-hayot ramzi. Timsollar tilida bu – yaxshilik, donishmandlik, halollik, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, Amir Temur davlati bayrog‘ining rangi ham moviy rangda edi.
Oq rang esa muqaddas tinchlik ramzi bo‘lib, u kun charog‘onligi va koinot yoritgichlari bilan uyg‘unlashib ketadi. Oq rang – poklik, beg‘uborlik, soflik, orzu va hayollar tozaligi, ichki go‘zallikka intilishning timsoli.
Yashil rang – tabiatning yangilanish ramzi. U ko‘pgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi.
Qizil chiziqlar bo‘lsa vujudimizda jo‘shib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini anglatadi.
Navqiron yarim oy tasviri bizning tarixiy an’analarimiz bilan bog‘liq. Ayni paytda u qo‘lga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi ham.
Yulduzlar barcha uchun ruhiy, ilohiy timsol sanalgan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘idagi o‘n ikki yulduz tasviri ham tarixiy an’analarimiz, qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador. Bizning o‘n ikki yulduzga bo‘lgan e’tiborimiz O‘zbekiston sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida nujum ilmi taraqqiy etganligi bilan ham izohlanadi.
Davlat bayrog‘imizdagi o‘n ikki yulduz tasvirini o‘zbek xalqi madaniyatining qadimiyligi, uning komillikka, o‘z tuprog‘ida saodatga intilishi ramzi sifatida tushunish lozim.
Bayrog‘imiz, chinakam ma’noda, xalqimizning asriy madaniyati, urf-odatlari va pok islom dinining umuminsoniy g‘oyalarini o‘zida mujassamlashtirgan.
Ana shu bayroq timsolida ona Vatanning mujassamligini tuyib, o‘zingni tetik, bardam his qilasan, kelajakka ishonch bilan boqasan.
O‘zbekistonimiz istiqlolga erishgach, biz o‘z bayrog‘imizga ega bo‘ldik. 1991 yil 18 noyabrda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonun bizga shunday faraxbaxsh g‘urur va surur bag‘ishladi. Ayni kunlarda bayrog‘imiz qabul qilinganligining 28 yilligi yurtimiz bo‘ylab keng tantana qilinyapti.
“O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonunning 2-3-moddasida bayrog‘imiz mamlakatimiz suverenitetining ramzi ekanligi, xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasining timsoli bo‘lishi e’tirof etilgan. Hozir u jahonning turli nuqtalarida mag‘rur hilpirab turibdi. Ayniqsa, sport arenalarida, milliy terma jamoalarimizning ishtirokidagi xalqaro sport musobaqalarini o‘tkazish vaqtida hamda nufuzli bellashuvlarda yurtimiz sportchilari g‘oliblik shohsupasida turganida bayrog‘imizning baland ko‘tarilishi qalbimizga faxr-iftixor tuyg‘ularini baxsh etadi, ko‘nglimizni tog‘dek ko‘taradi.
Bayrog‘imiz jonajon o‘lkamiz dunyoda xalqaro hamjamiyatning tenglar ichra teng a’zosi ekanligini anglatadi va o‘zida milliy-madaniy an’analarimizni mujassamlashtiradi. U bizning g‘olibligimiz, hech kimdan kam emasligimiz va aslo kam bo‘lmasligimizni yaqqol namoyon qiladi.
Demakki, bayrog‘imiz bizning g‘urur, iftixorimizdir. Uni e’zozlash esa fuqarolarda o‘zining qadr-qimmatiga, o‘z mamlakatiga va shaxsiga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlaydi.
Bayrog‘imizda yurtimizning, xalqimizning obro‘-nufuzi yuksakligidan dalolat beruvchi ramziy timsollar mujassam. Shunday ekan, sarbaland qaddimiz va qadrimiz timsolini hamisha e’zozlaylik va boshimiz uzra baland ko‘taraylik!
Respublika kengashi barcha saha xoditmlarini ushbu sana bilan qizg‘in muborakbod etadi. Ona yurtimizdagi tinchlik va osudalik hech qachon bizni tark etmasin, bayrog‘imiz baland-balandlarda O‘zbekiston deb atalmish jannatmakon yurt sha’ni, shonu shavkatidan darak berib hilpirayversin!