O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi hamkorligida tashkil etilgan “Eng faol yosh ishchi kasb egasi” respublika tanlovida 16 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan yosh ishchi mutaxassislar hamda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari qatnashdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri musobaqalari (2-bosqich) g‘oliblari poytaxtda o‘tgan yakuniy bosqichda “Biznes uchun dasturiy echimlar” nominatsiyasi g‘olibligi uchun kuch sinashdi.
“Eng faol yosh ishchi kasb egasi” respublika tanlovi kasb egalarining har tomonlama etuk mutaxassis sifatida kamol topishga intilishlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, o‘zaro tajriba almashishlariga zamin yaratishi bilan ham muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.
Tanlovning final musobaqalariga Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti mezbonlik qildi.
Tanlov Nizomiga ko‘ra respublika bosqichi amaliy sinov tarzida o‘tkazilib, g‘oliblar aniqlandi.
Hakamlar hay’atining qaroriga ko‘ra Navoiy davlat pedagogika instituti axborot texnologiyalarini joriy etish va axborot xavfsizligi bo‘limi tizimli dasturlovchisi G‘olibjon Xalimov birinchi, Muxammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filiali Kompьyuter injiniringi fakulьteti “Dasturiy injiniring” kafedrasi assistenti Akbar Baxriddinov ikkinchi hamda “O‘zbektelekom” AK Xorazm filiali Ma’lumotlar uzatish tarmog‘ini boshqarish bo‘limi muhandisi Temur Avezov uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Tantanali taqdirlash marosimida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori To‘lqin Teshaboev, O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Asror Ishanxodjaev hamda soha korxona-tashkilotlari rahbarlari qatnashdi.