Buxoroda Ayollar sport festivali oʻtkazildi

Oʻzbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi “Oʻzbektelekom” AK Buxoro filiali bilan hamkorlikda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120-yilligiga bagʻishlab, Buxoroda “Sogʻlom ona va sogʻlom avlod garovi” shiori ostida Ayollar sport festivalini oʻtkazdi.

– Oyi, oyijon, iltimos, biz ham ishtirok etaylik! — ona nonushta tayyorlayotganida qizaloqlari uning qoʻllaridan tortqilay boshlashdi.

– Tushunmadim, nimada ishtirok etmoqchisizlar? — hayratlandi ona.

– Hozirgina dadam aytdilar, siz ishlayotgan joyda sport va sanʼat bayrami boʻlar ekan, — dedi 8 yoshli Feruzabonu.

– Qoʻysang-chi, qizim, boshqa ishlarim koʻp!

– Yoʻq, men ham qatnashaman, rasmlar chizishni yoqtirishimni bilasiz-ku, oyi-i-jon.., — chuvilladi kichik qiz Ruxshona ham.

«Qizlarimning qistovi bilan Ayollar sport festivalida qatnashishga qaror qildim. Har ikki qizalogʻim ham sport va sanʼat yoʻlini tanlashgan. Qizlarim mendanmas, men ulardan motivatsiya oldim, desam adashmayman. Ular tufayli festivalning tuman-shahar, viloyat bosqichlarida gʻoliblikka erishib, respublika bosqichi ishtirokchisiga aylandik. Final uchrashuvlarida ham qizaloqlarimning “Festival yulduzi”ga aylanishgani meni baxtiyor qildi», — dedi “Oʻzbektelekom” AK Jizzax filialining abonentlarni saqlab qolish guruhi tijorat agenti Robiya Sultonova.

Darhaqiqat, Jizzax shahridagi 30-umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchisi Feruzabonu va uning singlisi Ruxshona singari mamlakatning turli viloyatlaridan toʻplangan barcha bolalar uchun festival sport va sanʼat maydoniga aylandi.

***

Soʻnggi yillarda ayollar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish orqali salomatligini mustahkamlash, qizlarimizni maʼnaviy-axloqiy kamolotga yoʻnaltirish, jamiyatda, oilada oʻz oʻrnini topish va sogʻlom avlodni tarbiyalash, oilada sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Shu nuqtai-nazardan, Buxoroda oʻtkazilgan «Sogʻlom ona va sogʻlom avlod garovi» shiori ostidagi ayollar sport festivalida Oʻzbekiston Raqamli texnologiyalari vazirligi tizimidagi aloqa  korxona, tashkilot va muassasalarida 20 yoshdan kichik boʻlmagan hamda 45 yoshdan yuqori boʻlgan ayollar, ishchi-xodimlar va ularning 7-13 yoshgacha boʻlgan farzandlari ishtirok etishdi.

«Sogʻlom avlodni tarbiyalash, oilada sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga qaratilgan «Sogʻlom ona va sogʻlom avlod garovi» shiori ostidagi ayollar sport festivalining 2014-yildagi bellashuvlarida 1500 dan ziyod, 2015-yildagisida 3000 dan ziyod, 2016-yildagisida 4000 ziyod ayollar va ularning farzandlari jalb qilingan edi. Joriy yilgi musobaqalarda ishtirok etganlar soni  7 500 nafardan oshdi», — dedi tashkiliy ishlar boʻyicha mutaxassis Gulchehra Gulyamova.

Kasaba uyushmalari harakatining 120-yilligiga bagʻishlab tashkil etilgan mazkur festival gʻoyatda keng tus oldi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida oʻtkazilgan saralash musobaqalarida eng yuqori natijalarni koʻrsatgan ishtirokchilardan iborat 14 hududdan 28 ta terma jamoa Buxoroi Sharifning Sitorai Mohi Xosa sanatoriyasiga joylashishdi.

Maʼlumot oʻrnida: sanatoriyada barcha ishtirokchilarning tibbiy koʻrigi tashkil etildi. Musobaqalardan boʻsh boʻlgan ishtirokchilar sanatoriyning tibbiy xizmatidan foydalanib, sogʻlomlashtirilgan. Shuningdek, kechki paytda ishtirokchilar uchun sanatoriya hududidagi kutubxona, kinozal, trenajor xonasi, fitobar, tuzli va xvoyli vannalar, massaj kabi xizmatlardan foydalandilar hamda madaniy hordiq olishlari uchun konsert dasturlari tashkil etilgan.

«Buxoroga birinchi kelishim. Issiq, jazirama, deb koʻp eshitganlarim bor. Bizni toza va salqin, yomgʻirli havo qarshiladi. Yashil olam bagʻriga tushdik goʻyo. Bogʻu rogʻlari, soʻlim tabiati lol qoldirdi. Shijoatimizga shijoat qoʻshdi. Ayniqsa, ziyoratgohlaridagi xotirjamlikdan orom topdik. Koʻz tegmasin», — dedi «Oʻzbektelekom» AK Qoraqalpogʻiston Respublikasi filiali stansiya inshootlari» guruhi yetakchi muhandisi Ulzira Serjanova.

Sitorai Mohi Xosa sanatoriyasidagi ilk tadbir marafon bilan boshlandi.  Unda 7 yoshdan 50 yoshgacha boʻlgan barcha qatnashishdi.

Shundan soʻng ayollar va ularning bolalari shashka, shaxmat, stol tennisi musobaqalarida kuch sinashdi. «Olam bolalar koʻzida» mavzusiga bagʻishlangan rasmlar tanlovi ham qizgʻin tus oldi. Bolalar oʻz chizgan rasmlari orqali tinchlik, doʻstlik va vatanga boʻlgan muhabbatlarini namoyish etishdi.

Andijondagi «Brilliant Edusation» nodavlat taʼlim muassasisi 1-sinf oʻquvchisi Robiya Poʻlatjonovaning  chizgilari, ayniqsa, haqamlarda iliq taassurot qoldirdi.

«Men oʻz chizgan rasmim orqali butun dunyo bolalari uchun Tinchlikka ovoz bergim keldi. Butun olam bolalari bizdek yashashsin!», — dedi Robiya.

Namangan viloyati, Uychi tumanidagi 1-umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchisi Ulugʻbek Aliqulov, Beshkent shahridagi Prezident tasarrufidagi ixtisoslashgan maktab oʻquvchisi Ogʻabek Choriyev, Kogon shahridagi 3-umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchisi Siroj Botirov kabi 30 nafardan ortiq bolalar shaxmat, shashka va stol tennisi bellashuvlarida jonbozlik koʻrsatishdi.

Buxoro shahridagi «Humo» sport majmuasida boʻlib oʻtgan «Qaddimizni rostlaymiz, sakrashni boplaymiz!» shiori ostidagi quvnoq startlarda onalar va bolalar gʻoliblik uchun kurash olib bordilar.

Sport musobaqasi soʻngida ishtirokchilar madaniy tadbirlardan bahramand boʻlishdi. Buxoro shahri boʻylab, sayohat va ziyoratlarga chiqishdi.

«Buxoroning eski shahri boʻylab sayohatga chiqar ekanmiz, oʻzimizni xuddi ertaklar olamida yurgandek his qitldik. Yomgʻir yogʻishiga qaramasdan, kayfiyatlar aʼlo, ruhlar tetik edi. Labi hovuz, Ark qoʻrgʻoni, Chor Minor, ayniqsa, Minorai Kalon kabi qadimiy obidalari bizni hayratga soldi», — dedi Sirdaryo filiali Guliston savdo va xizmat koʻrsatish ofisi aloqa operatori Dilafroʻz Ergasheva.

Festivalning ikkinchi kuni Romitan tumanidagi «Varnet» issiqxona akademiyasida boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi  raisi Asror Ishonxadjayev sport va sanʼat bayrami ishtirokchilarini tantana bilan qutlar ekan, festival xotin-qizlar va yoshlar oʻrtasida sport-sogʻlomlashtirish madaniyatini oshirishga ulkan hissa ekanini taʼkidladi.

«Umumbashariy demokratik, huquqiy talablarga javob bera oladigan fuqarolik jamiyatini barpo etish, xalqaro talab va andozalarga mos keladigan ijtimoiy, iqtisodiy, maʼnaviy, jismoniy munosabatlarni vujudga keltirish, xalqimiz uchun farovon turmush tarzini barpo etish, zaminimizda tinchlik, osoyishtalik, hamjihatlik, totuvlik va barqarorlik boʻyicha shukuronalikni hislarini uygʻotish eng oliy maqsadlardan. Mazkur festival oilalarda sogʻlom muhitni shakllantirish, yoshlarimiz, ayniqsa qizlarimizni maʼnaviy-axloqiy kamolotga yoʻnaltirishda katta hissa boʻldi, deya olaman. Qalbingiz odamiylik, insonparvarlik, yurtparvarlik, mehr-oqibat, saxovat va kelajakka ishonch fazilatlari, doʻstlik tuygʻulari bilan limmo-lim boʻlgan boʻlsa, biz maqsadga erishdik. Oʻzaro hamjihatlik va totuvlik uyingizning mezboniga aylansin!», — dedi Asror Ishonxadjayev tabrik soʻzida.

Ayollar sport bayramida buxorolik xonandalar va folklor jamoalarning musiqiy chiqishlari festivalning yanada fayzli kechishini taʼminladi. Ishtirokchi bolalarning ham qoʻshiq va raqslar ijrosi bilan tomoshabinlarni hayratlantirdi.

«Singlim Ruxshona bugun 7 yoshga qadam qoʻydi. Bugun biz uchun qoʻshaloq bayram boʻldi. Oyimizga vaʼda berganimizdek, biz festivalning yulduziga aylandik», — dedi hindcha, surxoncha va buxorocha raqslari bilan olqishlarga sazovor boʻlgan jizzaxlik ishtirokchi Feruzabonu.

Barcha ishtirokchi ayollar va bolalar tantanani milliy liboslarda qarshilashdi. Federatsiyaning qimmatbaho sovrin va mukofotlari bilan taqdirlanishdi.

«Ha, sport inson salomatligi va irodasini mustahkamlaydi. Davlatimiz rahbarining sportning ommaviy turlarini rivojlantirish orqali har bir oila aʼzosini sportga jalb etish ishlariga alohida eʼtibor qaratish lozimligini takror va takror taʼkidlashi bejizga emas. Ona — oila gultoji, farzand — oila quvonchi, deya bejizga aytilmagan. Ularning salomatligi — jamiyat xotirjamligi. Uch kunlik yirik festival ana shu oliy qadriyatlarni mustahkamlay oldi», — dedi Federatsiyasining Buxoro viloyat kengashi raisi oʻrinbosari Adolat Akramova.