“Eng faol elektromontyor” tanlovi gʻoliblari taqdirlandi

Oʻzbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi hamda “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi hamkorligida, Raqamli texnologiyalar vazirligi koʻmagida “Eng faol elektromontyor” tanlovi oʻtkazildi.

Tanlovdan koʻzlangan asosiy maqsad — yoshlarning kasbiy bilim va koʻnikmalarini rivojlantirish, ularning tanlagan kasbiga boʻlgan qiziqishini kuchaytirish, iqtidorli mutaxassislarni aniqlab, ragʻbatlantirish hamda ilgʻor tajribalarni ommalashtirishdan iborat.

Tadbir ishtirokchilarga oʻz salohiyatini amalda namoyon etish, kasbiy mahoratini oshirish, texnik bilim va tajribasini chuqurlashtirish uchun qulay imkoniyat boʻldi. Baholash jarayoni tajribali muhandislar, texnik nazorat mutaxassislari va soha yetakchilaridan iborat hayʼat tomonidan shaffoflik hamda adolat mezonlariga asoslangan holda amalga oshirildi.

Tadbir ochilish marosimida soʻzga chiqqan “Oʻzbektelekom” AJ  Markaziy filiali  bosh muhandisi Abdusaid Abdullayev shunday dedi:

–Biz uchun har bir elektromontyor – bu orqa fonda qolayotgan qahramondir. Ularning mehnati tufayli butun mamlakat axborot-kommunikatsiya tizimi uzluksiz ishlamoqda. Tanlov esa ularning fidokorligini qadrlash, yosh avlod uchun esa oʻrnak boʻlishga xizmat qiladi.

Final bosqichi ikki asosiy qismdan iborat boʻldi: nazariy testlar va amaliy mashqlar. Nazariy qismda ishtirokchilar elektr xavfsizligi qoidalari, tarmoqlarni diagnostika qilish, modernizatsiya va yangilanishlar boʻyicha savollarga javob berishdi. Amaliy qism esa elektromontyorlarning murakkab elektr tizimlarini qisqa fursatda tuzatish, avariya holatlarida toʻgʻri qaror qabul qilish kabi koʻnikmalarini sinovdan oʻtkazdi.

 “Oʻzbektelekom” AJ  Mirobod tumani  boʻlimida faoliyat koʻrsatuvchi 7 yillik tajribaga ega elektromontyor Mohirjon Samuqov shunday dedi:

– Ustoz elektromontyorlar har bir sim ortida butun tizim turganini his qilib ishlash lozimligini oʻrgatishgan. Biz elektr toki bilan emas, ishonch bilan ishlaymiz. Har bir xizmatimiz – odamlar hayotini yengillashtirishga xizmat qiladi. Men bu tanlovda oʻz ustozlarim bilan tengma-teng bellashdim. Bu – mening hayotimdagi eng katta motivatsiya boʻldi.

Tajribali muhandislar, texnik nazorat mutaxassislari hamda sohaga oid yetakchi ekspertlardan iborat hayʼat aʼzolari tomonidan oʻtkazilgan baholash natijalariga koʻra, “Eng faol elektromontyor” tanlovining eng yaxshi uch jamoasi qimmatbaho esdalik sovgʻalari va diplom bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, barcha finalchilar maxsus sertifikatlar bilan mukofotlandi.

Kasbga boʻlgan mehr va oʻzaro hurmat muhitida oʻtgan bellashuv “Oʻzbektelekom” tizimida faoliyat yuritayotgan elektromontyorlar orasida haqiqiy birlik, jamoaviy ruh va kasbiy fidoyilik borligini yana bir bor koʻrsatdi. Kelgusida bu kabi tanlovlar elektromontyor kasbining obroʻsini oshirishga, yosh mutaxassislarni ilhomlantirishga xizmat qilishiga shubha yoʻq.

Feruza RAHIMOVA,

Quvonch TOʻRAYEV,

“ISHONCH”