Soʻnggi yillarda mamlakatimizda bolalar sogʻligʻini mustahkamlash va tiklash, yozgi taʼtillari davrida ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bolalarni yozgi taʼtillari davrida boʻsh paytlarini mazmunli oʻtkazishini tashkil etish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va sogʻlomlashtirish ishlarining samaradorligini oshirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan Oʻzbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining 2024-yilga moʻljallangan oʻzaro hamkorlik va ijtimoiy sheriklik boʻyicha har yili tuziladigan qoʻshma tadbirlar rejasi ijrosini taʼminlash maqsadida, yozgi sogʻlomlashtirish mavsumi davomida “Oʻzbektelekom” AK filiallari tasarrufidagi bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarida “Besh tashabbus-besh imkoniyat” loyihasi doirasida bir qator tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Navbatdagi tadbir “Oʻzbektelekom” AK Buxoro filialiga qarashli “Yosh aloqachi” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohida 7 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan yosh dam oluvchilar ishtirokida bir nechta sport turini oʻz ichiga olgan qiziqarli musobaqalarni oʻtkazish va shu tariqa oʻgʻil-qizlarning jismoniy tarbiya va sportga boʻlgan qiziqishlarini yanada kuchaytirish imkonini berdi.
Baland pardalarda yangragan quvnoq tarona va qoʻshiqlarga ulanib ketgan bolajonlarning chiqishlari barchaga xush kayfiyat bagʻishladi. Oʻziga xos sport bayramiga aylangan tadbirning ochilish marosimida soʻzga chiqqan tashkilotchilar mamlakatimiz yoshlarini har tomonlama yetuk va sogʻlom kishilar qilib tarbiyalashda bunday ibratli tadbirlar beqiyos ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladilar. Musobaqa ishtirokchilariga muvaffaqiyatlar tiladilar.
Shu kuni oromgoh yosh dam oluvchilari sportning stol tennisi, suvda suzish, kamondan otish, shaxmat-shashka, kibersport, axborot texnologiyalari, rasm chizish va boshqa turlari boʻyicha oʻzaro bellashib, oʻz topqirliklari va chaqqonliklarini namoyish etdilar. “Quvnoq startlar” bahslarining eng yaxshi ishtirokchilari ham hakamlar hayʼati tomonidan munosib tarzda baholab borildi.
Stol tennisi bahslarida Buxoro shahridagi Prezident maktabi oʻquvchisi Roziyabonu Saidova, kamondan otish musobaqalarida Kogon shahridagi 9-umumtaʼlim maktabi yosh sportchisi Jasmina Dejaʼfarova, shaxmat-shashka bahslarida viloyat markazidagi 43-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Sunnatillo Egamov, “Quvnoq startlar” bellashuvlarida esa “Quvnoqlar” jamoasi aʼzolari va boshqa bir qator ishtirokchilar ustunlikka erishib,oʻz mahoratlarini namoyish etdilar.
Murosasiz va qiziqarli sport musobaqalari yakunida odatda haqiqiy doʻstlik gʻalabasi xususida soʻz boradi . Bu gal ham shunday boʻldi. Bir soʻz bilan aytganda sport bayramida faol ishtirok etgan 120 nafar bolajonlarning barchasi kutilgan natijalarga erishib, Oʻzbekiston Axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalar xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining munosib tuhfasi - bolalarbop eng sara kitoblar jamlanmasi hamda “Oʻzbektelekom” AK Buxoro filiali kasaba uyushma qoʻmitasining bir qator oʻquv qurollaridan iborat sovgʻalari bilan taqdirlandilar.