Soha yoshlari uchun sayohat uyushtirildi

So‘nggi yillarda mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor har qachongidan ham yuksak darajaga olib chiqildi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Boisi, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida yaratilayotgan imkoniyatlar ko‘lami yil sayin ortib bormoqda.

30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan “O‘zbektelekom” AK Jizzax filialining bir guruh faol yosh xodimlari ham bu borada yo‘lga qo‘yilgan imkoniyatlardan bahramand bo‘lishdi.

Ya’ni, Prezidentimizning 2021-yil 9-fevralda tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6165-son Farmoni hamda 2022-yil 30-aprelda qabul qilingan “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-232-son qaroriga asosan joriy qilingan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida Filial yoshlari ishtirokida Buxoro viloyatining tarixiy obidalarga boy hududlariga sayohat uyushtirildi.

Kompaniyaning Jizzax filiali kasaba uyushma qo‘mitasi hamda yoshlar yetakchilari tashabbusi bilan tashkil etilgan sayohat davomida yoshlar Buxoroning tarixiy qadamjolari va ularning mamlakatimiz taraqqiyotiga hamda nafaqat xalqimiz, balki dunyo tamaddunining yuksalishiga qo‘shib kelayotgan hissasi haqidagi qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishtirildi.

Aytish kerakki, bu kabi madaniy tadbirlarning tashkil etilishi jamoa o‘rtasida bahamjihatlikni mustahkamlash hamda ish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

“O‘zbektelekom” AK Axborot xizmati