Team building

Maʼnaviy va jismoniy kuch-quvvatni tiklash vositasi boʻlgan hordiq va undan oqilona foydalanish inson uchun juda muhimdir.

Shu munosabat bilan bayram va dam olish kunlari «Oʻzbektelekom» AK Kasaba uyushmasi qoʻmitasi tomonidan bir qator tadbirlar tashkil etib kelinadi.

Jumladan, 7 may – aloqachilar kasb bayrami munosabati bilan Kompaniyada faoliyat yuritayotgan bir guruh xodimlarga Ugam-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻiga – team building tashkil etildi.

Sayohat jarayonida xodimlar hamkasblari bilan nafaqat tabiat qoʻynida hordiq chiqarishdi, balki yurtimizning betakror tabiati, soʻlim goʻshalarida sayr qilishdi.

Mazmunli vaqt oʻtkazish keyingi faoliyatga ham taʼsir etmay qolmaydi. Ish vaqtidan boʻsh boʻlgan paytlarda insonning kayfiyati koʻtariladi, bevosita aqliy faoliyati oshadi. Shuni maqsad qilgan «Oʻzbektelekom» AK Kasaba uyushmasi qoʻmitasi hamkasblarimiz uchun doimiy tarzda foydali tadbir, sayohat va yaxshi kayfiyat ulashishda davom etmoqda.

– Bizning hamkasblar bilan birga musaffo havo va goʻzal tabiat qoʻynida dam olishimiz uchun sharoit yaratib bergan Kompaniya rahbariyatiga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman.  Bunday sayohatlarga doimiy qatnashib turamiz va bu gal kasb bayramimiz oldidan shunday sovgʻa boʻlgani uchun bu hordiq menda oʻzgacha taassurot qoldirdi, – deydi «Oʻzbektelekom» AK «Kontakt markazi» filiali 1-toifali mutaxassisi Madinabonu Nigmatova.

Albatta, bunday madaniy hamda jismoniy dam olish xodimlarning yanada teran fikrlashi va oʻz ishini sidqidildan bajarishiga xizmat qiladi.