Kasaba uyushmasi faollari uchun oʻquv-seminarlar tashkil etildi

18.09.2026
Kasaba uyushmasi faollari uchun oʻquv-seminarlar tashkil etildi
Kasaba uyushmasi faollari uchun oʻquv-seminarlar tashkil etildi
Kasaba uyushmasi faollari uchun oʻquv-seminarlar tashkil etildi
Oʻzbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining 2026-yil 2-yarim yilligi uchun moʻljallangan ish rejasi asosida joriy yilning 15-17-sentyabr kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi soha korxonalari boshlangʻich kasaba uyushmasi qoʻmitalari aʼzolari, raislari hamda mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakillar uchun amaliy oʻquv-seminarlar tashkil etildi.

Oʻquv-seminarlarni oʻtkazishdan asosiy maqsad — boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkilotlari faoliyatini yanada samarali tashkil etish, xodimlarning mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini himoya qilish, shuningdek, mehnatni muhofaza qilish sohasidagi bilim va koʻnikmalarni mustahkamlashdan iborat.

Seminarlar davomida ishtirokchilarga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi “Mehnatni muhofaza qilish sohasiga oid ayrim nizomlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 819-son qarori ijrosi yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkilotlarining Ustav talablari asosida huquqiy faoliyatini tashkil etish, xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy va mehnat huquqlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi.

Seminarning muhim yoʻnalishlaridan biri mehnatni muhofaza qilish boʻyicha vakillarning vazifalari, huquqlari va kafolatlariga bagʻishlandi. Shu bilan birga, ishlab chiqarishda sodir boʻlgan baxtsiz hodisalar hamda xodimlar salomatligining mehnat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq boshqa zararlanish holatlarini tekshirish va hisobga olish tartibi tushuntirildi.

Tadbirlarda kasaba uyushmasi tashkilotlarida murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish va monitoring olib borish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Seminarlar interaktiv shaklda oʻtkazilib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollar yuzasidan mutaxassislar tomonidan batafsil tushuntirishlar berildi. Savol-javoblar jarayonida amaliyotda uchrayotgan masalalar muhokama qilinib, tegishli tavsiyalar berildi.

Bunday oʻquv-seminarlar kasaba uyushmasi faollarining kasbiy bilimlarini oshirish, boshlangʻich tashkilotlar faoliyatini yanada takomillashtirish hamda mehnatkashlarning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Asosiy News Appeal Qo'ng'iroq
Asosiy Sahifalar