“IT”CHILAR BU SAFAR KOD EMAS, OCHKO TOʻPLADI

07.04.2026
“IT”CHILAR BU SAFAR KOD EMAS, OCHKO TOʻPLADI
Axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tashabbusi bilan soha vakillari oʻrtasida stol tennisi boʻyicha musobaqa tashkil etildi. Unda 20 ga yaqin korxona va tashkilotdan qariyb 1000 nafar xodim qatnashdi. Saralash bosqichlaridan soʻng eng kuchli 40 nafar sportchi Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan final bosqichida bellashdi.

Butunjahon salomatlik kuni munosabati bilan uyushtirilgan ushbu turnir asosiy vaqtini kompyuter qarshisida oʻtkazadigan mutaxassislar uchun nafaqat sport, balki hordiq chiqarish, oʻzaro muloqot va tajriba almashish maydoniga aylandi.

– Musobaqa barchamiz uchun ayni muddao boʻldi, – dedi “Aloqabank” AT Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va rivojlantirish markazi menejeri Sevinch Nuriddinova. – Kundalik bir xil ish tartibi, kompyuter va mobil qurilmalar qarshisida uzoq vaqt oʻtirish bizni biroz toliqtirgandi. Turnir esa ham kayfiyatimizni koʻtardi, ham bir-birimiz bilan dildan suhbatlashishga imkon yaratdi. Endi yangi kuch va gʻayrat bilan qaytadan ishga shoʻngʻiymiz.

Stol tennisi jismoniy va ruhiy salomatlik uchun foydali sport turlaridan biri hisoblanadi. U koʻz va qoʻl koordinatsiyasini yaxshilaydi, yurak-qon tomir tizimini mustahkamlaydi hamda ortiqcha kaloriyalarni yoʻqotishga yordam beradi. Bundan tashqari, tezkor fikrlashni rivojlantirib, stressni kamaytiradi va diqqatni jamlash qobiliyatini oshiradi. Binobarin  bunday tadbirlar yosh mutaxassislarning ish samaradorligini oshirish, ularni sportga keng jalb etish va sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga xizmat qiladi.

Musobaqa yakunlariga koʻra, erkaklar oʻrtasida “IT bilimlarni rivojlantirish markazi” MCHJ mutaxassisi Abdurasulov Bobomurod gʻolib boʻldi. Ayollar oʻrtasida esa OʻzMTRK “Yoshlar” IB AJ buxgalteri Xolida Rahimova birinchi oʻrinni egalladi.

 Gʻoliblar va ishtirokchilar diplom hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandilar.

 

Diyora RAVSHANOVA

ISHONCH

Asosiy News Appeal Qo'ng'iroq
Asosiy Sahifalar