Aloqa barqarorligi ortidagi zahmatli mehnat

07.10.2026
Aloqa barqarorligi ortidagi zahmatli mehnat
Aloqa barqarorligi ortidagi zahmatli mehnat
Aloqa barqarorligi ortidagi zahmatli mehnat
Aloqa barqarorligi ortidagi zahmatli mehnat
Aloqa barqarorligi ortidagi zahmatli mehnat
Aloqa barqarorligi ortidagi zahmatli mehnat
Aloqa barqarorligi ortidagi zahmatli mehnat
Aloqa barqarorligi ortidagi zahmatli mehnat
Aloqa barqarorligi ortidagi zahmatli mehnat
Aloqa barqarorligi ortidagi zahmatli mehnat
Kuni kecha “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining Markaziy filialida “Mobil tarmoqning eng yaxshi texnik brigadasi” tanlovining respublika bosqichi boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalar xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi hamkorligida tashkil etilgan bellashuvda hududiy bosqichlarda saralangan eng kuchli brigadalar ishtirok etdi.

Olti hududiy filialdan saralangan, har biri toʻrt nafardan iborat jamoalar ikki bosqichda nazariy va amaliy sinovlarda kuch sinashdi. Testdan tashqari, ishtirokchilar uyali aloqa baza stansiyasi sektor va RRU qurilmalarini oʻrnatish, telekommunikatsiya uskunalarini montaj qilish, kabellarni tartibga keltirish, stansiyani ishga tushirish va testdan oʻtkazish kabi vazifalarni bajardi.

Tanlovda vazifalarni qanchalik tez bajarishdan koʻra, ishning sifati, aniqligi va xavfsizligiga ustuvor ahamiyat berildi. Zero, texnik xodimning har bir qarori mobil tarmoqning barqaror ishlashiga bevosita taʼsir qiladi. Notoʻgʻri montaj yoki ehtiyotsiz harakat esa uskunalar ishida nosozlik va aloqa uzilishlariga sabab boʻlishi mumkin.Shu bois mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi talablariga rioya qilish ham baholashning muhim mezonlaridan biri boʻldi. Tanlov jarayoni mutaxassislardan nafaqat tezkorlik, balki aniqlik, masʼuliyat va yuksak kasbiy mahoratini talab qildi.

— Barcha brigadalar uchun bir xil sharoit yaratilgan. Bir xil texnologiya va konfiguratsiyadan foydalanildi. Ishtirokchilarning montaj ishlariga tayyorgarligidan tortib, qurilmalarni oʻrnatishi va bazaviy stansiyani ishga tushirishigacha boʻlgan jarayonlar aniq mezonlar asosida baholandi, — deydi tanlov hakamlaridan biri, “Oʻzbektelekom” AK yetakchi muhandisi Ikrom Shokirov.

Buxoro viloyatidan kelgan brigada aʼzosi Ulugʻbek Qurbonov sohada 10 yildan buyon mehnat qilib kelmoqda. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bitiruvchisi boʻlgan mutaxassis bugun hududda aloqa xizmatlarining barqaror ishlashini taʼminlash, qamrovni kengaytirish va bazaviy stansiyalarni zamonaviy texnologiyalar asosida yangilash ishlarida faol ishtirok etmoqda. Uning mehnat faoliyati aloqa sohasida tajriba, masʼuliyat va zamonaviy bilim uygʻunligi muhim ekanini koʻrsatadi.

–Kasbimiz masʼuliyat va mashaqqatni talab qiladi. Ayniqsa, qishning sovuq kunlarida balandlikda ishlashda ehtiyotkorlik va kasbiy mahorat muhim. Bazaviy stansiyadagi kichik nosozlik ham butun bir hududda aloqa xizmatlarining vaqtincha uzilishiga sabab boʻlishi mumkin. Avariya yuzaga kelganda brigada qisqa vaqt ichida hodisa joyiga yetib borib, nosozlikni aniqlaydi va bartaraf etadi. Ayrim hollarda bu ishlar ikki soatgacha davom etadi. Chunki ortimizda butun bir hudud aholisining aloqaga boʻlgan ehtiyoji turibdi, — deydi u.

Aloqachilarning mehnati ijtimoiy jihatdan ham qoʻllab-quvvatlanmoqda. Kasaba uyushmasi aʼzolari sanatoriy yoʻllanmalaridan foydalanmoqda, farzandlari bolalar oromgohlarida dam olish imkoniyatiga ega. Chekka hududlardagi bazaviy stansiyalarga xizmat koʻrsatuvchi mutaxassislar maxsus avtotransport, ish kiyimlari va zarur mehnat vositalari bilan taʼminlanmoqda.

Aslida, bu kabi tanlovlardan asosiy maqsad qaysi jamoaning  birinchi oʻrinni egallaganida emas. Eng muhimi har kuni millionlab odamlar foydalanayotgan aloqa xizmatlarining uzluksiz va sifatli ishlashi ortida turgan mutaxassislar mehnatiga eʼtibor qaratilganidir. Raqamlashgan davrda aloqa oddiy xizmat emas. U taʼlim, tibbiyot, biznes, davlat xizmatlari, mehnat jarayonlari va insonlar oʻrtasidagi muloqotni bir-biriga bogʻlab turuvchi muhim infratuzilma hisoblanadi.Bu infratuzilmaning barqaror va sifatli ishlashida zamonaviy texnologiyalar, serverlar hamda antennalar bilan bir qatorda, malakali mutaxassislarning mehnati ham muhim ahamiyat kasb etadi. Texnologiyalar qanchalik rivojlanmasin, ularning samarali ishlashi, avvalo, inson omiliga, mutaxassislarning bilimi, tajribasi va masʼuliyatiga bogʻliq.

Tanlov ana shu mehnatni eʼtirof etish, tajriba almashish va soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda. Ishtirokchilar uchun tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif esa tadbirning madaniy-maʼrifiy qismini boyitdi.

Yakuniy natijalarga koʻra, birinchi oʻrinni Markaziy filial, ikkinchi oʻrinni Gʻarbiy filial, uchinchi oʻrinni Janubiy filial jamoasi egalladi. Markaziy filial sharafini toʻrt nafar mutaxassis himoya qildi.

— Tanlovda toʻrt nafar ishtirokchi bir jamoa boʻlib harakat qildik. Har bir bosqichda bir-birimizni qoʻllab-quvvatlab, vazifalarni aniq va sifatli bajarishga harakat qildik. Birinchi oʻrinni qoʻlga kiritganimizdan juda xursandmiz. Bu, avvalo, jamoaviy mehnatimiz samarasi. Bunday tanlovlar kasbiy bilimlarimizni mustahkamlash va tajribamizni oshirish uchun katta maktab boʻldi, — deydi Markaziy filial xodimi Zuhriddin Botirov.

Gʻolib jamoalar tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi. Tanlov esa ishtirokchilar uchun kasbiy mahoratini namoyish etish, tajriba orttirish va sohadagi masʼuliyatni yana bir bor his etish imkoni boʻldi.

Feruza RAHIMOVA,
Quvonch TOʻRAYEV

“ISHONCH”

Asosiy News Appeal Qo'ng'iroq
Asosiy Sahifalar