Sohani rivojlantirish uchun ilm-fanga e’tibor doimo yuqori bo‘lishi zarur

Bugun, 8-noyabr kuni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ilm-fan rivojiga e’tiborni kuchaytirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni rivoshlantirishning samarali yo‘llaridan biri bu – ilm-fan rivojiga e’tiborni kuchaytirishdir.

Bugungi kunda mamlakatimizda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, raqobatbardosh iqtisodiyotni rivojlantirishning ilmiy-innovatsion va yuqori texnologik formatiga o‘tish hamda ilmiy tadqiqotlar va erishilgan natijalarga asoslangan ilmiy yechimlarni topish axborot texnologiyalari sohasida muhim o‘rin tutadi.

Shu maqsadda bugungi yig‘ilish ilm-fanni rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar va innovatsion g‘oyalar hamda ularni amalga oshirish yo‘llarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.

Joriy yilda O‘zbekiston axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Asror Ishanxodjayev Xalqaro telekommunikatsiyalar akademiyasi akademigi unvoniga sazovor bo‘ldi.

Shu munosabat bilan AKT vaziri Sh. Shermatov Asror Ishanxodjayevni e’tirof etib, ushbu unvon bilan tabrikladi hamda yurtimiz ilm-fani ravnaqiga qo‘shayotgan xizmatlari uchun minnatdorchilik bildirildi. 

Shuningdek, yig‘ilish davomida AKT vaziri tadbir ishtirokchilariga soha vakillari orasida akademiklar sonini oshirish, ilm-fan sohasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

“Bizning sohamizda ilmli bo‘lish, ayniqsa, muhim. Telekommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha yetarlicha bilimga ega bo‘lmagan kishi qiyinchiliklarga duch keladi. Yetarli bilim va salohiyatga ega bo‘lgan kadrlarga hamisha talab kuchli. Shuning uchun vazirlik va tizim tashkilot hamda korxonalarizda ham olimlarimiz safini kengaytirish birinchi maqsadimiz bo‘lishi lozim”, – deya ta’kidladi Sh. Shermatov.

Ma’lumot uchun, Xalqaro telekommunikatsiyalar akademiyasi xalqaro jamoat tashkiloti boʻlib, u taniqli olimlar va menejerlar va yuqori malakali mutaxassislarning ixtiyoriy jamoat birlashmasi hisoblanadi. U 1996-yil 7-martda tashkil etilgan. Birlashma umumiy kasbiy manfaatlar, infokommunikatsiyalarni rivojlantirish boʻyicha nazariy va amaliy vazifalar asosida amalga oshiriladi.

Hozirda 30 dan ziyod mamlakatlardan 800 dan ortiq kishi ushbu akademiya unvoniga ega bo‘lishgan.

Manba: AKT vazirligi matbuot xizmati